14 ta yuridik kollej bitiruvchilari TDYUga test imtihonlarisiz kirishi mumkin

da5uZRNx9pIMxf901J51oYX1Lst_dDTy

Prezidentning 13.04.2018 yildagi «O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ–3666-son qarori e’lon qilindi.

Norma’ning yozishicha, vazirlik tizimida Toshkent shahrini hisobga olgan holda, mamlakatning har bir hududida bittadan – 14 yuridik kollej tashkil etildi. Ular boshqa 13 ta kollej va 1 ta akademik litsey bazasida tashkil etilmoqda.

E’tiborli jihati shundaki, mazkur ta’lim muassasalarining direktorlari etib Qoraqalpog‘iston adliya vaziri hamda viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari rahbarlari tayinlanadi.

Mazkur yuridik kollejlar quyidagi 7 ta ixtisoslik bo‘yicha kadrlarni tayyorlaydi:

  • davlat xizmatlari bo‘yicha yurist;
    • kadrlar masalalari bo‘yicha yurist;
    • agrar sektorda yurist;
    • shartnoma masalalari bo‘yicha yurist;
    • notariat bo‘yicha yurist;
    • advokatura bo‘yicha yurist;
    • ijro jarayoni bo‘yicha yurist.

Ushbu ro‘yxat mehnat bozori ehtiyojlaridan kelib chiqib, adliya vaziri tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, hozirgi vaqtda o‘rta maxsus yuridik kasb-hunar ma’lumotiga ega bo‘lgan shaxslar advokat, notarius, yuriskonsulьt yordamchisi, shuningdek davlat ijrochisi, kadrlar bo‘yicha inspektor, ruxsatnomalar byurosi inspektori, arxivarius, ish yurituvchi, ish yurituvchi kotiba va boshqa lavozimlarda ishlashi mumkin. Qonun hujjatlaridagi so‘nggi o‘zgarishlar natijasida ushbu ro‘yxat kengaytirildi.

Mazkur yuridik kollejlarga qabul tanlov asosida amalga oshiriladi. Kvota Adliya vazirligi tomonidan belgilanadi.

Ma’lumot uchun: Prezidentning 26.01.2018 yildagi PF–5313-son Farmoni bilan 2019/2020 o‘quv yilidan kasb-hunar kollejlariga faqat 11-sinf bitiruvchilari qabul qilinishi belgilangan. Prezidentning 3.02.2018 yildagi PQ–3504-son qarori bilan belgilanishicha, kollejlarda o‘qish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. SHuningdek mintaqalarda 3 yil ishlab berish sharti bilan davlat grantlari asosida o‘qitiladi.

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Adliya vazirligining yuridik kollejlari bitiruvchilari hududiy adliya organlarining yo‘llanmalari bo‘yicha Toshkent davlat yuridik universitetiga kirishlari mumkin, bunda bakalavrlarni tayyorlash maxsus 3 yillik dasturi bo‘yicha o‘qitish bilan va ta’limni yakunlagach, taqsimotga muvofiq 3 yil davomida uzluksiz ishlab berish to‘g‘risidagi majburiyatni olgan holda, kirish imtihonlarisiz yakka tartibdagi suhbatlashuv orqali qabul amalga oshiriladi.

Adliya vazirligi tuzilmasiga kirmaydigan kollejlar bitiruvchilari bunday imtiyozga ega bo‘lmaydilar. Masalan, 2-Toshkent yuridik kolleji o‘quvchilari.

Hujjatda bunday ta’lim to‘lov-kontrakt tartibida yoki davlat grantlari asosida o‘tkazilishi ochiq-oydin ta’kidlab o‘tilmagan. SHuningdek suhbatlashuv kim tomonidan va qanday tartibda o‘tkazilishi, ushbu yangilikning «oddiy» kvotalar va «superkontrakt» kvotalariga ta’siri bayon qilinmagan. Mazkur masalalar Prezident qarori ijrosi yuzasidan qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlarda (Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi 2 oy muddatda ishlab chiqiladi) tartibga solinadi.