Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazida qo‘shni davlatdan o‘qish istagida kelgan bir guruh yoshlar tashrif buyurdi

94989f07-aa9f-7cfc-3ca8-9a6cfbf1bd53

Yana bir guruh Afg‘oniston yoshlari Termizga keldi. Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazida qo‘shni davlatdan o‘qish istagida kelgan bir guruh yoshlarni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili I.Irgashev, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari D.Nabiyev, Afg‘oniston Prezidentining MDH va Rossiya davlatlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha maxsus vakili M.Sh.Korgar, O‘zbekiston “Temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi o‘rinbosari A.Kamolov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi talabasi A.Aziziy va boshqalar O‘zbekiston bilan Afg‘oniston o‘rtasidagi hamkorlik, yaqin qo‘shnichilik va azaliy do‘stlik aloqalari yildan-yilga mustahkamlanib borayotganini alohida ta’kidladi.

Joriy yil mart oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuidagi Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent xalqaro konferensiyasi Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish, barqaror rivojlanishni yangi bosqichga ko‘tarish istiqbollarini belgilab berdi.
Shu o‘rinda aytish lozimki, ikki qo‘shni davlat tomonidan yana bir strategik loyihani amalga oshirish taklifi ilgari surilmoqda. Bu o‘zbek mutaxassislari barpo etgan va Afg‘onistonning tranzit salohiyatini oshirishga xizmat qiladigan Hayraton – Mozori Sharif temir yo‘lini Hirotgacha davom ettirish loyihasidir. Bunday ulkan bunyodkorlik ishi ro‘yobga chiqarilgach, qo‘shni davlatda soha mutaxassislariga katta ehtiyoj paydo bo‘ladi.

– Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan ta’lim muassasasida qo‘shni davlat ehtiyojlari inobatga olingan holda, 17 oliy va 16 o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi yo‘nalishi o‘quv rejalarining modullashtirilgan shakli ishlab chiqilib, qo‘shni mamlakat yoshlarining o‘zlari tanlagan kasb sirlarini chuqur o‘rganishi uchun barcha sharoit yaratilgan, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi rahbari O.Ro‘ziyev. – Ularga mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarining malakali professor-o‘qituvchilari saboq bermoqda. O‘quv markazida oliy ta’lim muassasalari korporativ tarmog‘i orqali “Elektron ta’lim tarmog‘i”ga ulanib, O‘zbekistonning istalgan oliy ta’lim muassasasi olimlari va mutaxassislari tomonidan videokonferensiya orqali masofadan turib mashg‘ulot o‘tkazish imkoniyati ham mavjud.

Markazning ko‘p qavatli muhtasham o‘quv binosi, talabalar turar joyi, axborot-resurs markazi, sport zali va maydonchalari, oshxona afg‘onistonlik talabalar uchun xizmat qilmoqda. Binoda kimyo va fizika kabi fanlarni chuqur o‘zlashtirish, temir yo‘l transporti tizimini puxta o‘rganish uchun lingafon xonalari, laboratoriyalar tashkil etilgan. Maishiy, savdo va boshqa xizmatlar ko‘rsatadigan shoxobchalar faoliyat yuritmoqda.

Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Оliy vа o‘rtа mахsus tа’lim vаzirligi