ELEKTRON HUKUMAT

O‘zbekiston Respublikasining “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish doirasida

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yildagi “O‘zbekiston Respublikasi Milliy axborot-kommunikatsiya tizimlarini yanada rivojlantirish choralari to‘g‘risida”gi                                                            1989-son qaroriga asosan elektron hukumat tizimini rivojlantirish doirasida 2016-2020 yillar mobaynida “Ta’lim” kompleks axborot tizimini yaratish va joriy etish vazifasi belgilangan.

“Ta’lim” kompleks axborot tizimini yaratish va joriy etishdan asosiy maqsad, ta’lim tizimining barcha bosqichlaridagi faoliyatga oid jarayonlarni axborotlashtirish orqali aholiga interaktiv xizmatlar ko‘rsatish hisoblanadi.

“Ta’lim” kompleks axborot tizimini yaratish va joriy etish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalari masalalari Kompleksi majlisining 2016 yil yanvar oyidagi bayoniga asosan O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi markazi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi markazi, Davlat test markaziga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda «Ta’lim» kompleks axborot tizimini yaratish va joriy etish konsepsiyasi hamda loyihani amalga oshirish yo‘l xaritasi ishlab chiqilgan.

“Ta’lim” axborot tizimlari kompleksining arxitekturasi

«Ta’lim» axborot tizimlari kompleksini yaratish va joriy etish konsepsiyasi hamda loyihani amalga oshirish chora tadbirlari rejasiga muvofiq loyihani 5 bosqichda amalga oshirishni rejalashtirgan.

– 2016 yilda, loyiha oldi tadqiqotlarni o‘tkazish;

– 2017 yilda, texnik loyihalarni yaratish;

– 2018 yilda, ma’lumotlar bazalarini va axborot tizimlarini yaratish;

– 2019 yilda, axborot tizimlarini sinovdan o‘tkazish;

– 2020 yilda, axborot tizimlarini joriy etish.

Mazkur tizimni yaratish va joriy etish maqsadida vazirlik quyidagi ustuvor vazifalarni amalga oshirishni belgilab olgan:

Birinchi, markaz, tasarrufdagi tashkilotlar, xududiy boshqarmalar va  ta’lim muassasalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini yanada yaxshilash hamda undan samarali foydalanish.

Ikkinchi, ta’limning barcha bosqichlarida axborot tizimlarini qo‘llash orqali ta’lim sifatini oshirish.

Uchinchi,  o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimidagi boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan inetraktiv davlat xizmatlari salmog‘ini oshirish.

Hozirgi kunga kelib, “Elektron ta’lim” milliy tarmog‘i 200 ta  ta’lim muassasalarini qamrab oldi. Ushbu tarmoq optik tolali aloqa kanallari orqali axborot tizimlari, elektron o‘quv adabiyotlar, video-oqimni uzatish imkoniyatiga ega bo‘lgan himoyalangan virtual tarmoq texnologiyasi asosida qurilgan. Ushbu tarmoq orqali ma’lumotlar almashishni samarali tashkil etish maqsadida barcha ta’lim muassasalari markazning tarmog‘iga ulanish sekundiga 10 megabitdan 100 megabitga oshirilgan.

2016 yilda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish va rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun shakllantirilgan Davlat buyurtmasiga asosan, «Ta’lim» axborot tizimlari kompleksini yaratish va joriy qilish bo‘yicha o‘rganishlarni o‘tkazish, texnik va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, kompleksga kiruvchi axborot tizimlari o‘rtasida almashinadigan ma’lumotlarni unifikatsiya qilishga talablarni ishlab chiqish ishlari amalga oshirilmoqda.

Elektron hukumatning asosiy tashkil etuvchilari

Davlat organlari o’z faoliyati doirasida fuqarolar, tijorat tuzilmalari va boshqa davlat organlari bilan aloqaga kirishishini hisobga olgan holda, Elektron hukumat tizimida uchta tashkil etuvchilarni ajratish mumkin:

Government to Citizens – G2C (Davlat – Fuqarorlarga): Bu davlat tashkilotlari hamda fuqarolar o’rtasidagi aloqa bo’lib, unda davlat xizmatlaridan tez va qulay foydalaniladi. Bunday xizmatlar doirasiga ma’lumotnomalarni olish, guvohnoma va ruxsatnomalarni rasmiylashtirish, shaxs hayotiga oid yuridik jihatdan muhim hodisalarni ro’yxatdan o’tkazish kiradi. Bu tarkibiy qismda fuqarolarga internet orqali, asosan, hukumat ma’lumotlar bazasi bilan ishlovchi yagona hukumat portalini tashkil etish yo’li bilan barcha turdagi davlat xizmatlarini ko’rsatish nazarda tutiladi. Bunday portal orqali fuqarolar qulay va tushunarli shaklda hukumat faoliyati haqida ma’lumot olishlari, shuningdek, o’z fikr hamda mulohazalarini bildirishlari, fuqarolik va jamoatchilik burchlarini bajarishlari mumkin.

Government to Business – G2B (Davlat – Biznesga): Davlat organlari va biznes o’rtasidagi o’zaro munosabat bo’lib, kelishuv jarayonining borishini tezlashishiga, qog’oz hujjatlardan foydalanishga ehtiyojni yo’qotishga va bu orqali zaruriy ma’lumotlarni yig’ish va qayta ishlash jarayonini tezlashishiga imkon beradi. Oxir oqibat, davlat organlari tijoriy tashkilot shaklidagi hamkorlari bilan xizmat ko’rsatishning yaxlit tizimini yaratish uchun o’zlarining usul va vositalarini taqdim etishlari mumkin bo’ladi. Texnologiyalardan, davlat xaridlarining ochiq va shaffof tizimidan optimal foydalanish hisobiga davlat organlarining xarajatlari qisqaradi.

Government to Government – G2G (Davlat – Davlatga): Davlat organlari o’rtasidagi o’zaro munosabat bo’lib, zamonaviy texnologiyalar yordamida davlat organlari o’rtasida ichki va tashqi aloqalarni takomillashtirish va ularning hamkorlikdagi faoliyatini amalga oshirishga imkon yaratadi va bu bilan ularning faoliyatini qayta qurishga ko’maklashadi, shuningdek, xizmat ko’rsatishning tarqoq bo’lmagan yaxlit shaklini ta’minlab beradi. Bu o’z navbatida ishlab chiqarishda kechikishlardan qochish va ishchi kuchiga motivatsiyani oshirish orqali xarajatlarni kamaytirish va ish samarasini oshirishga, shuningdek, sinalgan va keng qo’llanilayotgan usul hamda vositalardan foydalanish orqali ichki biznes-jarayonlarning qayta qurilishiga olib keladi. Bu elektron hukumatning faoliyatining asosi hisoblanib, barcha davlat organlarini birlashtirib turuvchi ichki hukumat tarmog’idan tarkib topgan va uning doirasida fuqarolar hamda mamlakat hududida faoliyat olib boruvchi tashkilotlar haqidagi ma’lumotlar bazasini o’z ichiga olgan barcha hukumat ma’lumotlarini jamlagan hukumat ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.

Elektron hukumatning har uch tashkil etuvchilarini yaratish va amalga tadbiq etish chambarchas bog’liqdir. G2C yoki G2Bni yo’lga qo’ymasdan G2G tizimini amalgam oshirish birtomonlama samara beradi, vaqt va vositalarni samarasiz sarflashga olib keladi, ma’lumotlar xaosini keltirib chiqaradi va Elektron hukumat g’oyasini kuchsizlantiradi. Shuning uchun ham Elektron hukumatning barcha tarkibiy qismlarini rivojlantirish va amalga tadbiq etish dasturini ishlab chiqish va tadrijiy bosqichma-bosqich amalga oshirish juda muhim hisoblanadi.