Go‘zallik va nafosat festivali

Go‘zallik va nafosat festivali

Poytaxtimizdagi Badiiy gimnastika bo‘yicha bolalar-o‘smirlar ixtisoslashtirilgan respublika olimpiya zaxiralari sport maktabida Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlab “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi kubogi uchun “Nafosat olami” IV sport festivali boshlandi.

Tadbir «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondi tomonidan O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi va qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.

Festivalning ochilishida mamlakatimizda bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor ulg‘ayib kelayotgan avlodni jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk insonlar etib tarbiyalashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Bu kabi ishlar samarasida sport bilan muntazam shug‘ullanayotgan yoshlar safi tobora kengaymoqda. Jumladan, qizlar ham turli sport to‘garaklarida faol ishtirok etayotir. Sportni doimiy hamrohiga aylantirgan yoshlarning salomatlik ko‘rsatkichi yaxshilanib, dunyoqarashi kengaymoqda, ta’lim, sport va boshqa sohalarda yuqori natijalarga erishmoqda.

“Nafosat olami” sport festivalidan ko‘zlangan maqsad yoshlarni, ayniqsa, qizlarni ommaviy sportga keng jalb etish orqali salomatligini mustahkamlash, jismonan chiniqtirish, mustaqil hayotga tayyorlash, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, jismoniy tarbiya va sportni yanada keng ommalashtirishdan iborat. Festivalda ikki yuz ellik nafar qiz sinxron suzish, suzish, suvga sakrash, badiiy va sport gimnastikasi, sport raqsi turlari bo‘yicha o‘zaro kuch sinashmoqda.

Musobaqaning birinchi kunida badiiy gimnastika bo‘yicha Samira Ahmedova, Yasmina Rahimova, Natalya Usova, Domenika Damirova, Kseniya Morozova, Kristina Pak shohsupaga ko‘tarilgan bo‘lsa, sport gimnastikachilaridan Farzona Xolboyeva, Naima Nig‘monova, Omina Saidumarova, Roksana Sharipova, Dildora Aripova, Aleksandra Shevchenko g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy egalladi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova so‘zga chiqdi.

Manba: Uza.uz