Ijtimoiy soha xodimlarini jamoat ishlariga majburiy jalb etishga yo‘l qo‘yilmaydi

3901e5486e8fdc5bebe63f255dd849890417

Ijtimoiy soha xodimlarining jamoat ishlariga majburiy jalb etilayotgani, bu borada ayrim mahalliy rahbarlar tomonidan qonunbuzarlik va ko‘zbo‘yamachilik holatlari kuzatilayotgani Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan jiddiy tanqid qilinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir A.Aripov rahbarligida hududlarda dala va tozalash-obodonlashtirish ishlariga tibbiyot, ta’lim muassasalari xodimlari, talabalar va boshqa ijtimoiy soha vakillarini jalb qilishni taqiqlash, bu borada barcha darajadagi rahbarlarning shaxsiy mas’uliyati va javobgarligini oshirishga qaratilgan choralarni belgilashga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Prezidentimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatimizda yangi taraqqiyot bosqichini boshlab bergani, barcha sohalarda yuksak natijalarga erishilayotgani, pirovardida xalqimiz farovonligi yuksalayotgani va bu xalqaro hamjamiyatning keng e’tirofiga sazovor bo‘layotgani alohida ta’kidlandi.

Keyingi yillarda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yurtimizda bolalar mehnatiga barham berildi. Xususan, Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida ham Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rilgani ta’kidlangan edi.

Mazkur ishlarning amaliy ifodasi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzurida majburiy mehnat bo‘yicha alohida komissiya tashkil etildi. Shuningdek, davlatimiz rahbari topshirig‘iga binoan 2017-yilgi paxta yig‘im-terim ishlariga jalb qilingan talabalar qaytarildi.

Ammo joylardagi aksariyat rahbarlar tomonidan ijtimoiy soha xodimlari, asosan, o‘qituvchilar va shifokorlarni jamoat ishlariga jalb qilish holatlari kuzatilmoqda.

Yig‘ilishda bu ishlarning achinarli oqibati xususida so‘z bordi. Prezidentimiz Sirdaryo viloyati faollari bilan bo‘lgan uchrashuvda Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 42-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Diana Yenikeyeva jamoat ishlariga jalb etilgan vaqtda mashina urib ketishi oqibatida vafot etganini qanchalik kuyinib gapirgani eslandi. Bu kabi holatlar davlatimiz rahbari yuritayotgan siyosatga xiyonat ekani, mahalliy rahbarlarning bunday noto‘g‘ri xatti-harakatlari islohotlarning samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ta’kidlandi.

Sir emas, turli ijtimoiy tarmoqlarda va ommaviy axborot vositalarida mahalliy hokimliklar tomonidan ta’lim, sog‘liqni saqlash tizimi vakillarini boshqa ishlarga majburiy jalb qilish holatlari uchrayotgani keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Qashqadaryo viloyatida ko‘chalar bo‘yida issiqxonalar tashkil etish, Jizzax viloyatida kollej o‘quvchilarini to‘qimachilik fabrikasi ishchilari sifatida foydalanish holatlari yuz bergan. Andijon viloyatining Andijon shahri, Xo‘jaobod, Marhamat, Qo‘rg‘ontepa, Jalaquduq tumanlarida ko‘cha tozalash, mahallalarni obodonlashtirish, dala ishlariga ijtimoiy soha xodimlari muntazam jalb etib kelinmoqda. Mazkur holatlar ayrim rahbarlar tomonidan nafaqat majburiy ishlatish, moddiy manfaatni ham ko‘zlab amalga oshirilmoqda. Bu esa aholi o‘rtasida turli norozilik kayfiyatlarini keltirib chiqarmoqda.

Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari N.Rahmonov, Andijon shahar hokimi D.Rahmatullayev barcha yig‘ilishlarda ochiqdan-ochiq maktabgacha ta’lim muassasalari rahbarlariga shahar ko‘chalarini obodonlashtirish uchun o‘z ish haqlaridan qimmat narxlarda gul va daraxt ko‘chatlarini sotib olishga majbur qilgan. Topshiriq bajarilmasa, ularni hatto ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilgan.

Xuddi shunday holat Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro va Farg‘ona viloyatlarida, Sirdaryo viloyatining Guliston shahri, Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlariga nisbatan ham kuzatilgan.

Aytish kerakki, Prezidentimiz tashabbusi bilan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida Jamoat ishlari jamg‘armasi tashkil etildi. Bundan ko‘zlangan maqsad barcha hududlarda, ayniqsa, chekka tumanlarda band bo‘lmagan fuqarolarni ish haqi to‘lash orqali obodonlashtirish, uy-joy kommunal xo‘jaligi obyektlarini ta’mirlash, infratuzilmani yaxshilash ishlariga keng jalb etishdir. Ammo hokimlar bu imkoniyatlardan foydalanish o‘rniga, byudjet tashkilotlari ishchilarini tahdid qilish orqali majburiy ishlatishni odatga aylantirib olishgan.

Yig‘ilishda 2018-yilda ishsiz aholini jamoat ishlariga jalb etish uchun 714 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lsa-da, joylarda ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanilmayotgani ta’kidlandi. Joriy yilning o‘tgan davrida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida mehnat qonunchiligi bo‘yicha jami 10 mingga yaqin qonunbuzarlik holatlari aniqlangan. Ularning asosiy qismi xalq ta’limi, tibbiyot muassasalari hisobiga to‘g‘ri keladi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan hududlarda “Obod qishloq” dasturi loyihasi amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha ijrosiga hokimlarning byudjet tashkilotlarida ishlayotgan xodimlarni noqonuniy jalb etayotgani ham sir emas.

Masalan, Ulug‘nor tumanidagi Oqobod, Oltinko‘l tumanidagi Shahriobod, Bo‘z tumanidagi G‘olib, Peshku tumanidagi Turkiston, Qo‘shko‘pir tumanidagi Ittifoq, Urganch tumanidagi Turkman mahallalarida “Obod qishloq” loyihasi bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga maktab o‘qituvchilari ommaviy jalb etilgan. Samarqand viloyatining Nurobod tumanidagi Jom qishlog‘ida qurilish va obodonlashtirish ishlariga nafaqat shu, balki boshqa tumanlardan ham o‘qituvchi va shifokorlar majburiy biriktirilgan. Bu esa, o‘qituvchi va shifokorlarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, o‘qituvchi va shifokorlarni qishloq xo‘jaligi ishlariga ham keng jalb etish amaliyoti kuzatilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot tumani, Andijon viloyatining Oltinko‘l tumani, Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumani, Samarqand viloyatining Paxtachi tumani, Xorazm, Farg‘ona viloyatlarining qator tuman va shaharlaridagi ayrim ta’lim muassasalari xodimlari majburiy mehnat ishlariga jalb qilingan.

Oliy ta’lim muassasalarining 2017/2018 o‘quv yilidagi holati tahlil qilinganda, mamlakat bo‘yicha ko‘cha supurish ishlariga 17 ming, ariq tozalash ishlariga 4 ming, qurilish ishlariga 7 ming, dala ishlari, chopiq, chekanka, yig‘im-terimga 23 ming nafar talaba va o‘qituvchilar majburan jalb etilgani aniqlandi.

Masalan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 9 mingdan ortiq, Andijon viloyatida 8 ming 500, Jizzax viloyatida 5 ming, Namangan viloyatida 2 ming 600, Toshkent viloyatida 5 ming 500 ga yaqin talaba va o‘qituvchilar turli ishlarga jalb qilingan.

Yig‘ilishda mazkur sohalar rahbarlari ushbu muammoni bartaraf etish o‘rniga, kuzatuvchi bo‘lib o‘tirgani, bu borada aniq choralar ko‘rmayotgani jiddiy tanqid qilindi.

Ishga mas’uliyatsizlik bilan qaragani, xodimlarning majburiy mehnatga jalb qilinishiga yo‘l qo‘yib bergani uchun xalq ta’limi vaziri U.Inoyatov, sog‘liqni saqlash vaziri A.Shodmonov, Jizzax viloyati hokimi E.Soliyev qat’iy ogohlantirildi. Shuningdek, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlari hokimlariga nisbatan hayfsan e’lon qilindi.

Yig‘ilishda ijtimoiy soha xodimlarini jamoat ishlariga majburiy jalb etishga chek qo‘yish borasida qator vazifalar belgilandi. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga hududiy va tuman shahar hokimliklarining hududlarni obodonlashtirish ishlari uchun mas’ul bo‘lgan boshqarmalari faoliyatini tanqidiy o‘rganib chiqish, xodimlar mehnat huquqlari buzilishining oldini olish, majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik va fuqarolarning jamoat ishlariga qonuniy jalb etilishiga alohida e’tibor qaratish yuzasidan davlat va jamoatchilik nazoratini tashkil etish, ayniqsa, byudjet tashkilotlari xodimlari qishloq xo‘jaligi, kommunal xo‘jalik, obodonlashtirish, qurilish, ikkilamchi xomashyo yig‘ish ishlariga majburan jalb etilmasligini alohida nazoratga olish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rish topshirig‘i berildi.

Manba: O’zA