Mаktаbgаchа tа’lim

Maktabgacha ta`lim uzluksiz ta`limning boshlang’ich qismi hisoblanadi. U bolaning sog’lom va rivojlangan shaxs bo’lib shakllanishini ta`minlab, o’qishga bo’lgan ishtiyoqini uyg’otib, tizimli o’qitishga tayyorlab boradi. 6-7 yoshgacha bo’lgan maktabgacha ta`lim davlat va nodavlat bolalar maktabgacha ta`lim muassasalarida va oilada amalga oshiriladi. Maktabgacha ta`limning maqsadi – bolalarni maktabdagi o’qishga tayyorlash, bolani sog’lom, rivojlangan, mustaqil shaxs bo’lib shakllantirish, qobiliyatlarini ochib berish, o’qishga, tizimli ta`limga bo’lgan ishtiyoqini tarbiyalashdir.

Maktabgacha ta`lim muassasasida bolalarning hayoti va sog’lig’ini muhofaza qilish maktabgacha ta`lim muassasasi hamda shtatdagi tibbiyot xodimlari, shuningdek maktabgacha ta`lim muassasasiga biriktirilgan sog’liqni saqlash organlarining tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.

Maktabgacha ta`lim muassasasida bolalarning hayoti va sog’lig’ini muhofaza qilishni tashkil etish tartibi va qoidalari, maktabgacha ta`lim muassasasiga bolalarni olib kelish va olib ketish qoidalari, maktabgacha ta`lim muassasasi binolarida xavfsizlikni tashkil etishga oid talablar, maktabgacha ta`lim muassasasida yong’in xavfsizligini tashkil etishga oid talablar, hudud xavfsizligiga bo’lgan talablar “Maktabgacha ta`lim muassasalarida bolalarning hayoti va sog’lig’ini muhofaza qilishni tashkil etish tartibi to’g’risida Nizom” bilan tartibga solinadi.

Maktabgacha ta`lim tizimi

Maktabgacha ta’lim muassasalari – O’zbekiston Respublikasidagi ta`lim muassalarining turi bo’lib, turli yo’nalishdagi maktabgacha bo’lgan davrdagi umumta`lim dasturlarini amalga oshiradi. Maktabgacha ta`lim muassasalari 2 yoshdan 7 yoshgacha bo’lgan bolalarni tarbiyalashni, o’qitishni, nazorat qilishni, parvarishlashni va sog’lomlashtirishni ta`minlaydi.

Maktabgacha ta`lim muassasasini tashkil etish tartibi, faoliyatini tashkil etish va butlash, hamda maktabgacha ta`lim muassasasining mol-mulki va pul mablag’lari, javobgarligi, boshqaruvi va ta`lim jarayoni qatnashchilari to’g’risidagi kerakli ma`lumotlarni “O’zbekiston Respublikasida davlat maktabgacha ta`lim muassasasi to’g’risida Nizom” dan olishinigiz mumkin.

O’zbekistonda maktabgacha ta`lim muassasalarining zamonaviy tizimi

Maktabgacha ta`lim muassasalari, faoliyat yo’nalishiga ko’ra, quyidagi turlarga bo’linadi:

  • Bolalar yaslisi, bolalar yasli bog’chasi, bolalar bog’chasi, uydagi bolalar bog’chasi (mustaqil muassasa yoki filial sifatida).
  • Maktabgacha tarbiya va boshlang’ich ta`lim mussasasi (bolalar bog’chasi-maktab).
  • Tarbiyalanuvchilarni bir yoki bir nechta yo’nalishda (til, badiiy estetik, sport va boshqalar) tarbiyalovchi maktabgacha ta`lim muassasalari.
  • Tarbiya jismoniy va ruxiy rivojlanishdagi og’ishlarni kvalifikatsion yaxshilovchi tiklovchi turdagi bolalar bog’chasi.
  • Tibbiyot gigiyena, profilaktika va sog’lomlashtirish, tadbir va protseduralarini amalga oshiruvchi zaiflashgan bolalarni nazorat qilish va sog’lomlashtirish bog’chasi.
  • Birlashtirilgan turdagi bolalar bog’chasi (birlashtirilgan turdagi bolalar bog’chasiga rivojlantiruvchi, tiklovchi va sog’lomlashtiruvchi guruhlar umumlashtirilgan ko’rinishda kiradi).

Maktabgacha ta`lim muassasasining ish tartibi va u yerda bolalarning bo’lish davomiyligi davlatning maktabgacha ta`lim sifat va darajasiga bo’lgan talablari, nizom, maktabgacha ta`lim muassasasi va ota-onalar orasida tuzilgan shartnoma, hamda ta`sischilar tomonidan belgilanadi.

Imkoniyatlari cheklangan bolalar uchun maxsus maktabgacha ta`lim muassasalari tashkil qilingan bo’lib, u yerga bolalar davlatning joylardagi vakolatli ta`limni boshqarish va sog’liqni saqlash organlari tarafidan tashkil qilingan ruhiy-tibbiy pedagogik komissiyaning xulosasiga binoan qabul qilinadi.

Maxsus maktabgacha ta`lim muassasasini tashkil etish tartibi, mol-mulki va pul mablag’lari, maxsus maktabgacha ta`lim muassasasida o’quv-ta`lim va sog’lomlashtirish jarayonini tashkil qilish, ta`lim jarayoni ishtirokchilari va maxsus maktabgacha ta`lim muassasasining boshqaruvi haqidagi to’liq ma`lumotlar “Maxsus davlat maktabgacha ta`lim muassasasi to’g’risidagi Nizom” da ko’rsatilgan.

Maktabgacha ta`lim muassasalarining asosiy maqsadlari

Maktabgacha ta`lim, olinish shakli va usullaridan qat`iy nazar, quyidagi maqsadlarni o’z oldiga qo’yadi:

  • Bolalarni maktabda o’qishga maqsadli va tizimli tayyorlash;
  • Bolalarning shaxsiy qobiliyatlari va iste`dodlarini rivojlantirish;
  • Bolalarni milliy, umuminsoniy va madaniy qadriyatlar bilan tanishtirish, bolani intellektual rivojlantirish;
  • Bolalarda yuqori ma`naviy va odob axloq asoslarini shakllantirish;
  • Bolalarning jismoniy va ruhiy sog’ligini mustahkamlash.

Maktabgacha ta`lim maqsad va vazifalarni amalga oshirishda ijtimoiy va xayri tashkilotlari, mahalla, xalqaro fondlar faol ishtirok etadilar.

O’zbekistonda maktabgacha ta`lim davlat tilida hamda qoraqalpoq, rus, tojik, qirg’iz, qozoq va turkman tillarida olib boriladi.

To’liq ma’lumot: www.uzedu.uz, www.eduportal.uz

Maktabgacha ta’lim to’g’risida
Fayl hajmi: 281 Кб