O‘zbekiston-Turkiya: o‘zaro ishonch va do‘stlikka asoslangan hamkorlik jadal rivojlanmoqda

a0587aa5_5754_dc35_6ee1_81b92162d289

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on 29-aprel kuni davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.

Ikki mamlakat davlat bayroqlari bilan bezatilgan Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Turkiya Respublikasi Prezidenti va uning rafiqasini O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov kutib oldi.

Ta’kidlash lozimki, Turkiya Respublikasi O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan. 1996-yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida Abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan. Xalqlarimiz ko‘p asrlik tarixi, tili, dini, qadriyatlari va mushtarak urf-odatlari bilan bir-biriga chambarchas bog‘langan. Davlatlarimiz o‘rtasida o‘zaro ishonch asosidagi do‘stona munosabatlar bugungi kunda izchil mustahkamlanib bormoqda.

Tashrifning asosiy tadbirlari Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tdi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdo‘g‘on shohsupaga ko‘tarildilar. O‘zbekiston va Turkiya davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.

Rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdo‘g‘on tor doirada uchrashuv o‘tkazdi. Do‘stona va ochiqlik ruhida o‘tgan muloqotda O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, ilm-fan, madaniyat va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi, mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashildi.

Prezidentimiz Turkiya Prezidentini samimiy qutlab, mamlakatlarimiz munosabatlari rivojida muhim siyosiy voqea bo‘lgan ushbu tashrif o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan hamkorligimiz izchil rivojlanib borayotganining dalolati ekanini ta’kidladi.

– O‘tgan yil mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar yangi strategik bosqichga ko‘tarildi. O‘zaro sa’y-harakatlar tufayli tovar ayirboshlash hajmi sezilarli darajada o‘sdi. Imzolangan hujjatlar samarasida xalqlarimiz o‘rtasidagi bordi-keldi yengillashdi. Oliy darajadagi navbatdagi muzokaralar xalqlarimiz manfaatiga xizmat qilayotgan ushbu ezgu ishlar sur’atini yanada oshirishiga ishonchim komil, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Rejep Tayyip Erdo‘g‘on davlatimiz rahbariga taklif uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda muttasil taraqqiy etayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

– Turkiya va O‘zbekiston tarixi buyuk, urf-odat va an’analari mushtarak, eng yaqin do‘stlar sifatida tanilgan. Xalqaro maydonda ham, o‘zaro aloqalarda ham bir-birini doimo qo‘llab-quvvatlaydi. Bugungi muzokaralar ushbu do‘stlik rishtalarini yana bir pog‘ona yuqoriga olib chiqishiga ishonaman, – dedi Rejep Tayyip Erdo‘g‘on.

O‘zbekiston va Turkiya hamkorligi ikki tomon uchun ham manfaatli. Mamlakatimizning bozori, tobora erkinlashayotgan iqtisodiyoti, qulay investitsiyaviy muhiti Turkiyani qiziqtiradi. Ushbu mamlakatning rivojlangan sanoati, transport kommunikatsiyalari, dengiz yo‘llari, qishloq xo‘jaligi va turizm salohiyati O‘zbekistonga foyda keltiradi.

Davlat rahbarlari 2017-yil 14-may kuni Pekinda o‘tgan “Bir makon, bir yo‘l” forumi, o‘sha yilning 10 sentyabr kuni Ostona shahrida bo‘lgan Islom hamkorlik tashkilotining Fan va texnologiyalar bo‘yicha sammiti doirasida muzokaralar o‘tkazdi. Shuningdek, sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi doirasida uchrashdi.

Prezidentimizning 2017-yil oktyabr oyida Turkiyaga davlat tashrifi ikki tomonlama do‘stona munosabatlarda yangi davrni boshlab berdi. Tashrif davomida ikki davlat rahbarlari O‘zbekiston – Turkiya hamkorligining mavjud holati va istiqbollarini batafsil muhokama qildilar. Imzolangan Qo‘shma bayonot o‘zaro hamkorlikni strategik sheriklik darajasiga olib chiqishda eng muhim hujjat bo‘ldi.

Prezidentlar muloqotni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdilar.

Muzokarada savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport, turizm, ilm-fan va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zaro savdo hajmi va uning tarkibini kengaytirish bo‘yicha ijobiy o‘zgarishlar alohida qayd etildi.

Turkiya O‘zbekistonning muhim savdo sheriklaridan biridir. 2017-yilda davlatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 30 foizga ortib, 1,5 milliard AQSH dollarini tashkil etdi.

Shu yilning birinchi choragida bu ko‘rsatkich 20 foizga o‘sib, 400 million dollarga yetdi. Yaqin yillarda bu ko‘rsatkichni 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha aniq tadbirlar yuzasidan kelishib olindi.

Rangli metallar va ulardan tayyorlanadigan buyumlar, meva-sabzavot mahsulotlari, xizmatlar, azot o‘g‘itlari, neftni qayta ishlashdan olingan mahsulotlar mamlakatimizning Turkiyaga asosiy eksporti bandlarini tashkil etadi. O‘z navbatida, mamlakatimiz pardoz-andoz buyumlari, turli mexanik va elektron uskunalar, plastmassa va ulardan tayyorlanadigan mahsulotlar, to‘qimachilik, kimyo, farmatsevtika mahsulotlari, teri oshlash va bo‘yash vositalarini import qiladi.

O‘zbekiston Turkiya bozoriga yengil sanoat, kimyo, metallurgiya, mashinasozlik, elektrotexnika, charm-poyabzal va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilishni kengaytirishga tayyor. Bu borada Istanbul shahrida ochilgan O‘zbek – Turk savdo uyi imkoniyatlaridan keng foydalanish mumkinligi alohida qayd etildi.

Transport kommunikatsiyalari va tranzit sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga ham alohida e’tibor qaratildi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya hamda Yer usti yuk tashuvlari to‘g‘risidagi kelishuvlarga muvofiq tuzilgan Xalqaro avtomobil tashuvlari masalalari bo‘yicha qo‘shma komissiya bu yo‘nalishdagi aloqalar rivojiga salmoqli hissa qo‘shmoqda.

“Boku – Tbilisi – Kars” temir yo‘li o‘zaro savdo aloqalari uchun ulkan imkoniyatlar yaratishi qayd etildi. Shu jihatdan tranzit tariflarini yanada maqbullashtirish muhimligi ta’kidlandi.

O‘zbekistonda 1993-yildan buyon vakolatxonasi faoliyat ko‘rsatayotgan Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) sa’y-harakatlari ham yuqori bahoga loyiqdir. O‘tgan davr mobaynida ushbu agentlik tibbiyot va ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini modernizatsiya qilish, qishloq xo‘jaligi hamda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga yo‘naltirilgan qator loyihalarning hayotga tatbiq etilishida faol qatnashdi.

Muzokarlarda hali foydalanilmagan imkoniyatlar ko‘pligi, ushbu tashrif ikki mamlakat vazirlik va idoralari, ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalar rivojiga yangi sur’at baxsh etishi ta’kidlandi.

Ikki mamlakatda ham xaridorgir bo‘lgan yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlarni yetkazib berish va uzoq muddatli investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish orqali o‘zaro savdo hajmini muttasil oshirib borish va diversifikatsiya qilish bo‘yicha yakdil fikr bildirildi.

O‘zbekistonda Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, eng avvalo, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarida mineral va xom ashyo resurslarini chuqur qayta ishlash asosida yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil qilish ishlari bundan keyin ham rag‘batlantirib borilishi qayd etildi.

Turizm sohasidagi hamkorlikni jadallashtirishda milliy aviakompaniyalarimiz o‘rtasida sherikchilik muhim o‘rin tutadi.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi tomonidan o‘tgan yil oktyabr oyidan boshlab “Samarqand – Istanbul”, joriy yilning martidan boshlab“Turk havo yo‘llari” tomonidan shu yo‘nalish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgani, xalqlarimiz o‘rtasidagi bordi-keldining soddalashtirilgani muhim ahamiyatga ega ekani alohida qayd etildi.

Hozirgi vaqtda aviaqatnovlarni kengaytirish maqsadida yangi reja va qo‘shma loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Mamlakatimizda turizm infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi dasturlar doirasida turk investitsiyasi ishtirokida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalasi ham muzokaralar mavzusi bo‘ldi.

O‘zbekiston ham, Turkiya ham turizm sohasida ulkan imkoniyatlarga ega. Bu salohiyatdan to‘la foydalanish, sayyohlar almashinuvini oshirish ulkan iqtisodiy samara beradi.

Yana bir muhim yo‘nalish – O‘zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha ham amaliy fikr almashuvlar bo‘lib o‘tdi.

O‘tkazilgan suhbat va muzokaralar davomida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Islom sivilizatsiyasi markazi infratuzilmalarini rivojlantirish va ularning faoliyatini shakllantirishda turkiyalik qardoshlar bilan yaqindan hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Bugungi kunda jadal rivojlanib borayotgan madaniy-gumanitar aloqalar ham O‘zbekiston – Turkiya munosabatlarining ajralmas qismi hisoblanadi. 2016-yil iyun oyida Anqarada O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tdi. Turk san’at ustalarining Samarqandda o‘tkaziladigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida muntazam ishtirok etishi, Turkiya davlat teleradiokompaniyasi (TRT) O‘zbekistonda o‘tkaziladigan rasmiy tantanalarni xorijiy mamlakatlarga retranslyatsiya qilishi an’anaga aylandi.

Sog‘liqni saqlash va tibbiy ta’lim sohalarida, yetakchi tadqiqot markazlari o‘rtasida tajriba almashish hamda professional kadrlar tayyorlash borasidagi hamkorlik ham muhim ahamiyatga ega.

Mamlakatlarimiz BMT, Islom hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro tuzilmalar doirasida ham samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha tomonlarning pozitsiyalari bir-biriga o‘xshash yoki yaqin.

Prezidentlar mintaqaviy va xalqaro darajada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash istagida ekanliklarini ta’kidlab, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga intilishlarini bildirdilar. Xususan, Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikka erishish masalasida ham atroflicha fikrlashib olindi.

– Bizning bu boradagi qat’iy pozitsiyamizni yana bir bor ta’kidlashni istardim: Afg‘onistonda tinchlikka erishishning yagona yo‘li – markaziy hukumat va mamlakat ichidagi asosiy siyosiy kuchlar o‘rtasida oldindan hech qanday shart qo‘ymasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Albatta, Birlashgan Millatlar Tashkiloti bu borada asosiy vositachi rolini bajarishi lozim.

Davlat rahbarlari ma’rifiy va bag‘rikeng islom dinini targ‘ib etish, uning asl insonparvarlik mohiyatini butun jahon jamoatchiligiga yetkazish borasida hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladilar. Zero, islom dini doimo ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va TurkiyaPrezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘onkeng ko‘lamli strategik hamkorligimizni yangi, yanada yuksak bosqichga ko‘tarishga qaratilgan, o‘z mazmun-mohiyati bilan katta ahamiyatga ega bo‘lgan Qo‘shma bayonotni imzoladilar.

O‘zbekiston – Turkiya hamkorligining huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash maqsadida mamlakatlarimiz hukumatlari, vazirlik va idoralari o‘rtasida iqtisodiyot, savdo-sotiq, transport-logistika, sanoat, ilm-fan, ta’lim, turizm va boshqa sohalarga doir 24 ta hujjatga imzo chekildi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘on muzokaralar o‘zaro anglashuv va hurmat ruhida o‘tganini, imzolangan hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi bilan Turkiya Respublikasi o‘rtasidagi uzoq istiqbolli hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.

– Muzokaralar xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va qardoshlik an’analariga mos holda, ochiq, sermazmun va samarali bo‘ldi. Hamkorligimizning bugungi holati xolisona baholanib, uning ustuvor yo‘nalishlari va istiqboldagi vazifalari aniq belgilab olindi. Ikki davlat rahbarlari raisligida Strategik sheriklik oliy kengashi tuzish bo‘yicha kelishuvga erishildi, – dedi davlatimiz rahbari.

Turkiya Prezidenti muzokaralar o‘zaro anglashuv, manfaatdorlik va ishonch ruhida o‘tganini, Turkiya va O‘zbekiston hamkorligi yanada mustahkamlanib, strategik darajaga ko‘tarilganini ta’kidladi. Ko‘lami va ahamiyati katta bo‘lgan kelishuvlarga erishilganidan, Buxorodagi muborak qadamjolarni ziyorat qilajagidan baxtiyor ekanini bildirdi.

Rejep Tayyip Erdo‘g‘on O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga tashrif buyurdi. Oliy martabali mehmonga mamlakatimiz parlamentida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘zlab berildi. Turkiya Prezidenti O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari oldida nutq so‘zladi.

Kunning ikkinchi yarmida Turkiya Prezidenti Mustaqillik maydoniga tashrif buyurdi. Oliy martabali mehmon hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi.

Shundan so‘ng Rejep Tayyip Erdo‘g‘on O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykali poyiga gul qo‘yib, Buyuk Yo‘lboshchimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Davlat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdo‘g‘on “O‘zekspomarkaz”da tashkil etilgan “O‘zbekiston – Turkiya” ishbilarmonlari biznes forumida ishtirok etdilar. Biznes-forum doirasida umumiy qiymati 3 milliard dollarga teng 50 dan ortiq yangi investitsiyaviy qo‘shma loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Prezidentlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishda bunday biznes-forumlar muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdilar.

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning mamlakatimizga davlat tashrifi davom etmoqda.

 

Ziyodulla Jonibekov, O‘zA