Har bir bitiruvchi – e’tiborda

25

Farg‘ona viloyatida kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimiz Islom Karimovning mamlakatimizni 2014 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida aholi bandligini ta’minlash, avvalo, kasb-hunar kollejlari va oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo‘yicha zarur sharoitlar yaratish ijtimoiy siyosatimizning eng muhim ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolishi alohida ta’kidlandi.
Farg‘ona viloyatida ham kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish, tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etishga eng muhim vazifa sifatida qaralmoqda.
– Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga keng imkoniyatlar yaratish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, o‘zi qiziqqan soha bo‘yicha ishga joylashtirish doimiy e’tiborimizdagi masaladir, – deydi viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘i A.Sotvoldiev. – Bunda tijorat banklari tomonidan ajratilayotgan imtiyozli kreditlar muhim ahamiyat kasb etayotir. O‘tgan yili ushbu maqsadlar uchun bitiruvchilarga 25 milliard 734 million so‘m kredit ajratildi. Shuning hisobidan 21 mingdan ortiq yoshlar ish bilan ta’minlandi.
Joriy o‘quv yilida viloyatdagi kasb-hunar kollejlarini 57 ming 800 dan ziyod o‘g‘il-qiz tamomlaydi. Ayni kunlarda davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda har bir tuman va shahar bo‘yicha kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini egallagan kasbiga muvofiq ishga joylashtirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari haqida barcha ma’lumotlar jamlanib, amaliyot o‘tashini tashkil etish hamda ishga joylashishiga ko‘maklashish uchun o‘quvchilar korxona va tashkilotlarga shartnoma asosida biriktirildi.
Toshloq agrosanoat kasb-hunar kollejida 1 ming 779 o‘quvchi yetti yo‘nalish bo‘yicha tahsil olmoqda. Bu yerda ularning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha puxta bilim egallashi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. O‘quv ustaxonalari, axborot-resurs markazi, sport zali ular ixtiyorida. Joriy o‘quv yilida kollejni 617 o‘g‘il-qiz tamomlaydi. Kollej direktori Robiya Tolipovaning aytishicha, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash borasida aniq chora-tadbirlar belgilangan bo‘lib, ijrosi to‘liq ta’minlanmoqda. Hozirga qadar 80 foizdan ortiq bitiruvchi bilan uch tomonlama shartnomalar tuzildi.
O‘tgan yili mazkur kasb-hunar kollejining 11 nafar bitiruvchisi tijorat banklaridan imtiyozli kredit olib, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ygan bo‘lsa, joriy yilda ellikdan ziyod yoshlar o‘z biznes loyihasini tayyorlamoqda. Bank mutaxassislari kollejda turli seminarlar tashkil etib, biznes reja tayyorlash, kredit olish bo‘yicha zarur maslahatlar bermoqda.
– Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida biz, yoshlarning zamonaviy kasb-hunar sirlarini o‘rganishimiz uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda, – deydi kollej bitiruvchisi Nurillo Nabijonov. – Tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishimiz uchun ko‘plab imtiyozlar mavjud. Men issiqxona tashkil etish bo‘yicha biznes loyihamni tayyorladim. Albatta, bu hayotda o‘z o‘rnimni topishimda muhim bosqich bo‘ladi. Nurillo kabi tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lgan bitiruvchilarga ko‘mak berish, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashtirish bugun eng muhim vazifalardan hisoblanadi.