“Ta’lim to’g’risida”gi qonun loyihasining muhokamasi

96cef2ce-29a3-7cce-eb95-bfab4f1623e0

Joriy yilning 8 may kuni Toshkent davlat yuridik universitetida “Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining yangi tahriri muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar asosida ta’lim tizimi sifatini zamonaviy talablar darajasiga ko‘tarish maqsadida o‘n bir yillik majburiy ta’lim joriy etildi, mulkchilik shaklidan qat’iy nazar yuridik shaxslarga ta’lim xizmatini ko‘rsatishga ruxsat berildi, ta’lim tizimida davlat-xususiy sherikligi joriy etildi va boshqalar. Bu esa o‘z navbatida “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunni yangi tahrirda qabul qilinishiga zaruriyat yaratdi.

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi barcha ta’luqli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ishchi guruh tuzib, birinchi bosqichda ular tomonidan yangi tahrirdagi “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqildi va keng jamoatchilik e’tiboriga muhokama uchun qo‘yildi. Shu vaqtga qadar ushbu qonun loyihasining muhokamasini “Adolat” SDP, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining tegishli qo‘mitasi, Janubiy Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi, O‘zbekistondagi YUNЕSKO hamda YUNISЕF xalqaro tashkilotlarining mas’ul vakillari ishtirokida tashkil etildi. Hozirda ishchi guruh tomonidan vazirlik va idoralardan,ta’lim muassasalaridan va fuqarolardan, shuningdek O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xalqaro tashkilotlardan qonun loyihasi bo‘yicha kelib tushgan fikr-takliflar o‘rganilib, Qonun loyihasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Toshkent davlat yuridik universitetida o‘tkazilgan davra suhbati mazkur jarayonning mantiqiy davomi hisoblanadi.

Unda yangi tahrirdagi “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun loyihasida boblar soni amaldagi 5 tadan 12 taga va moddalar soni 34 tadan 70 taga yetkazilgani, qonun loyihasi strukturasida boblar va moddalar mantiqiy ketma-ketlikda joylashtirilgani, unda amaldagi qonunning 33 ta moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib mazmunan to‘ldirilgani hamda ilg‘or xorijiy davlatlarning tajribalarini inobatga olgan holda qo‘shimcha 36 ta yangi modda kiritilgani alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, yangi tahrirdagi Qonun loyihasida ta’lim oluvchilarni ta’lim olish yoki pedagog kadrlarni ta’lim faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa ishlarga jalb etishning taqiqlanishi va bunda rahbarlarning javobgarligi belgilandi, ta’lim sohasidagi davlat boshqaruv organlarining vakolatlari va ta’lim muassasalarining faoliyati erkinligi kengaytirilganligi ham aytib o‘tildi.