Bitiruvchilari bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka yo‘naltirishga bag‘ishlangan seminar

aaa

Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka yo‘naltirishga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

Prezidentimizning mamlakatimizni 2014 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Kattaqo‘rg‘on tumani hokimligi, prokuraturasi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari, tijorat banklari hamda tegishli idoralar mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
– Mamlakatimizda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari bitiruvchilarining jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish va bandligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Kattaqo‘rg‘on tumani prokurori Sirojiddin Usmonov. – Davlatimiz rahbarining 2014 yil 6 fevralda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir. Har yili qabul qilinayotgan bandlik dasturlarida kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari uchun ish o‘rinlari yaratish eng muhim ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilanadi. Ushbu masala mahalliy hokimliklar va boshqa idoralarning ham doimiy e’tiborida. Jumladan, tumanimizdagi o‘n ikkita kasb-hunar kollejini joriy yilda 2 ming 800 nafardan ziyod yigit-qiz bitiradi. Ularni egallagan mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashtirish, xususiy tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rish talab etiladi. Bugun aynan ana shu masalalarda bitiruvchilar bilan suhbatlashib, ularning fikrlari bilan qiziqdik va kerakli taklif, tavsiyalar berdik.
Tadbirda Savdo-sanoat palatasi, tijorat banklari, tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatga olish inspeksiyasi vakillari bitiruvchilarga biznes reja tuzish, kredit rasmiylashtirish va tadbirkorlik faoliyatini boshlash bo‘yicha ma’lumot berdilar.
– Kollejni bitirganimdan so‘ng, mustaqil tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ulanishni o‘z oldimga maqsad qilganman, – deydi Kattaqo‘rg‘on iqtisodiyot va tadbirkorlik kolleji bitiruvchisi Farzona Nusratullaeva. – Lekin bu borada ish boshlash uchun biznez reja tuzish, bankdan imtiyozli kredit olish bo‘yicha tushunchaga ega emas edim. Shu jihatdan bugungi tadbir men kabi ko‘plab tengdoshlarim uchun juda foydali bo‘ldi.