Xalqaro shartnomalar, xorijiy investitsiyalar

O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi Markazi ishtirok etayotgan xalqaro shartnomalar, tizimga xorijiy investitsiyalarni jalb holati to‘g‘risida ma’lumot


        O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimiga 1998-2016 yillar davomida 235 mln. AQSh dollaridan ortiq mablag‘ miqdorida investitsiyalar jalb etilgan bo‘lib, bular xalqaro moliya institutlari, xorijiy banklar, hamkorlik agentliklari kabi tashkilotlarning imtiyozli kreditlari, grant mablag‘lari va texnik yordamlari hisoblanadi.

      Jalb etilgan investitsiyalar (imtiyozli kreditlar, grant mablag‘lari hamda texnik yordam)lar asosan o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarini loyihalarning mos yo‘nalishlariga muvofiq mos kasblar bo‘yicha zarur bo‘lgan o‘quv laboratoriya jihozlari, kompyuter sinflari bilan ta’minlashga yo‘naltirilgan.

Xususan, so‘nggi yillarda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimida amalga oshirilayotgan loyihalar quyidagilar hisoblanadi:

          O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 31 iyuldagi “Koreya Respublikasi Hukumatining Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish jamg‘armasi (YeDCF) imtiyozli kredit mablag‘lari hisobiga moliyalashtirilayotgan “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limini rivojlantirish” loyihasi (loyiha umumiy qiymati 27 mln. AQSh dollarini tashkil etgan)ni amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-934-sonli qarori asosida xizmat ko‘rsatish sohasidagi 157 ta kasb-hunar kollejlari jihozlandi.

         Loyiha doirasida xizmat ko‘rsatish sohasidagi 157 ta kasb-hunar kollejlari 5 ta ya’ni, maishiy xizmat mashinalari va jihozlarini ta’mirlash; radiotexnika va teleapparaturalarni ishlatish va ta’mirlash; multimedia; fotografiya hamda  payvandlash yo‘nalishlari bo‘yicha jihozlangan.

      O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 30 apreldagi “Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida kasb-hunar ta’limini rivojlantirishga ko‘maklashish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 852-sonli qarori asosida uy-joy kommunal hamda qurilish sohasidagi 30 kasb-hunar kollejlarini jihozlash va mos kasblar bo‘yicha maxsus fan o‘qituvchilarini malakasini oshirish ko‘zda tutilgan. Loyiha (loyiha umumiy qiymati 9 mln. yevroni tashkil etgan)doirasida amalda 36 ta kasb-hunar kollejlari 3 ta ya’ni, “Qurilish va pardozlash ishlari”, “Duradgorlik va pol yotqizish ishlari” va “Suv gaz ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini o‘rnatish va ta’mirlash” yo‘nalishlari bo‘yicha jihozlangan.

     O‘zbekiston Respublikasi va Shvetsariya Konfederatsiyasi hukumatlararo ikki tomonlama bitimiga asosan 2004 yildan buyon Shvetsariya Konfederatsiyasi hukumatining grant mablag‘lari hisobidan “O‘zbekistonda kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish” loyihalari amalga oshirilmoqda. Loyihani amalga oshirish asosan “Talab-o‘qitish-ishga joylashtirish” sikli bo‘yicha ish olib borishdan iborat bo‘lib, buning uchun pilot kasb-hunar kollejlarini mos kasblar bo‘yicha zarur o‘quv laboratoriya, jihozlar bilan jihozlash, rahbar xodimlar, pedagoglar va maxsus fan o‘qituvchilarining malakasini oshirish va ish beruvchi korxonalar vakillari, xorijiy va mahalliy ekspertlar bilan hamkorlikda o‘quv dasturlarini takomillashtirishni maqsad qilingan.

      Shvetsariya Konfederatsiyasi hukumatining grant mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarning bugungi kunda, ya’ni 2015-2018 yillarda 4-fazasi faoliyat yuritayotgan bo‘lib, loyihalarning bunga qadar 2004-2007 yillarda 1-fazasi, 2008-2010 yillarda 2-fazasi, 2011-2015 yillarda 3-fazasi faoliyat yuritgan.

Shuningdek avvalgi yillarda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kasb-hunar ta’limini rivojlantirishga ko‘maklashish loyihasi (VMQ, 01.12.2004 yildagi 563-son)ning imtiyozli krediti hisobidan 32 ta kasb-hunar kollejlari jihozlangan. Loyiha doirasida iqtisod qilingan grant mablag‘laridan samarali foydalanish maqsadida 2015 yilda 32 ta o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari (16 ta AL, 16 ta KHK) ham kompyuter sinflari, elektron doska va boshqa zaruriy jihozlar bilan ta’minlandi.

       O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 22 oktabrdagi “Islom taraqqiyot banki ishtirokida “Beshta kasb-hunar kollejlarini qurish va jihozlash” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-713-sonli qarori Loyihaning umumiy qiymati:      (13,463 mln.  AQSh doll.). Ajratilgan mablag‘lardan 8,91 mln. AQSh dollari 5 ta kasb-hunar kollejlari (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Namangan, Toshkent, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida 1 tadan) ni qurilishiga, 2,07 mln. AQSh dollari loyiha doirasidagi ta’lim muassasalarini jihozlashga hamda 0,2 mln. AQSh dollari loyihani saqlash va boshqa harajatlar uchun sarflanishi belgilangan.

       Loyiha doirasida qurilish uchun ajratilgan mablag‘dan jami 8,286 mln. AQSh dollari miqdori sarflandi, ya’ni, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi, Samarqand viloyati Samarqand shahridagi, Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi, Toshkent viloyati Bekobod tumanidagi va Surxondaryo viloyati Angor tumanidagi kollejlarda qurilish ishlari to‘liq yakunlangan va foydalanishga topshirilgan.

         Kelgusi yillarda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalaridagi mos kasblar bo‘yicha zamonaviy jihozlar bilan jihozlashga yo‘naltirilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 25 iyuldagi “Jahon banki bilan moliyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 4681-F-sonli farmoyishiga muvofiq o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimida 2019-2022 yillarda Jahon banki kredit mablag‘lari ishtirokida “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash” investitsiya loyihasi amalga oshirilishi belgilandi. Bugungi kunda ushbu umumiy qiymati 70 million AQSh dollari bo‘lgan (shundan 50 mln. AQSh dollari Jahon banki kredit mablag‘lari) investitsiya loyihasini o‘z vaqtida sifatli amalga oshirilishini ta’minlash yuzasidan tarmoq jadvali O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi  tomonidan tasdiqlandi va ijroga yo‘naltirildi.